
- 0
- 08.05.2026 10:50:00
- 2 min read
Prezident hududlarda jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirish va bu boradagi ishlarni jadallashtirish to‘g‘risidagi taqdimot bilan tanishdi. Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda poytaxt va viloyat markazlariga 2 ming 650 ta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 279 ta muntazam yo‘nalish brutto-shartnoma asosida yo‘lga qo‘yilgan. Natijada har kuni qatnovga chiqayotgan avtobuslar soni 3 ming 150 taga, kunlik qatnovlar 45,2 mingtaga yetgan. Yo‘lovchilar oqimi esa 2,3 million nafarga oshgan. Taqdimotda urbanizatsiya va shaharlar atrofidagi aholi harakati ortayotgani sababli jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimi asosida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shahar atrofidagi 12 kilometrgacha hududlarni qamrab oluvchi yangi avtobus yo‘nalishlarini brutto-shartnoma tizimiga o‘tkazish taklif qilindi.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Nazarbek, Shifobaxsh suvlar va Uch Qahramon hududlarini poytaxt bilan bog‘lash orqali avtomobillar oqimini kamida 20 foizga kamaytirish mumkinligi ta’kidlandi. Poytaxtda 19 ta, viloyat markazlarida esa 79 ta yangi yo‘nalish tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda viloyatlarda yana 1,5 mingta katta va o‘rta sig‘imli avtobuslarga ehtiyoj borligi qayd etildi. Shu munosabat bilan zamonaviy avtobuslar importini rag‘batlantirish, tadbirkorlar uchun kredit liniyalarini kengaytirish hamda utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish muddatini yana ikki yilga uzaytirish taklif qilindi.
Prezident avtobus haydovchilari uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini yaratish zarurligini ham ta’kidladi. Shu maqsadda bir avtobusga to‘g‘ri keladigan haydovchilar sonini 2 nafardan 3 nafarga oshirish, xizmat sifati va harakat xavfsizligini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi. Bundan tashqari, dispetcherlik tizimlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali avtobuslar harakatini yo‘lovchilar oqimiga moslashtirish rejalashtirilmoqda. Bu esa tashish tannarxini 10–15 foizga kamaytirishi mumkinligi aytildi. Davlat rahbari Samarqand va Namangan kabi yirik shaharlarda “yashil transport” yo‘nalishlarini kengaytirish, shuningdek Xiva, Shahrisabz, Margʻilon va Qoʻqon kabi turizm markazlarida ham jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.