
- 1
- 31.10.2025 14:04:00
- 1 min read
Dog‘istonning Maxachqala shahrida yashovchi 9 yoshli o‘zbekistonlik Marhabo ismli qizaloqning hayoti qisqa vaqt ichida butunlay o‘zgardi. Ilgari u onasi bilan ko‘chalarda sadaqa so‘rab yashagan bo‘lsa, bugun u moda olamida tanilgan modelga aylangan.
Marhabo 3 yoshligida ota-onasi bilan O‘zbekistondan Dog‘istonga ko‘chib o‘tgan. Oradan ko‘p o‘tmay, otasi migratsiya qoidalarini buzganlik uchun deportatsiya qilinadi va oilani yolg‘iz onasi parvarishlay boshlaydi. Ish topolmagan ayol va uning qizi besh yil davomida ko‘chada yashab, kun kechirgan.
Bir kuni Dog‘istonga kelgan sayyohlardan biri ko‘chada sadaqa so‘rayotgan qizaloqni ko‘rib, uning go‘zalligidan hayratga tushadi va suratlarini ijtimoiy tarmoqqa joylaydi. Oradan ko‘p o‘tmay, bu suratlar internetda tez tarqalib, bir nechta model agentliklarining e’tiborini tortadi.
Hozirda Marhabo professional model sifatida turli reklama suratga olishlarida va moda ko‘rgazmalarida qatnashmoqda. U oyiga o‘rtacha 150 ming rubl (taxminan 22 million so‘m) daromad oladi. Qizaloqni hozirda Jannet ismli ayol o‘z oilasiga olib, rasmiy tarzda vasiylikka olgan.
Marhaboning onasi esa hali ham ish topa olmagan, ammo qizining muvaffaqiyati tufayli oilaning moddiy ahvoli ancha yaxshilangan. Ijtimoiy tarmoqlarda bu hikoya ko‘plab foydalanuvchilarni hayratga soldi — kimdir uni “baxtli tasodif” desa, boshqalar bu holatni “inson hayotidagi ajoyib burilish” deb atadi.