
- 0
- 11.05.2026 15:39:00
- 1 min read
Fransiya hukumati 10-may kuni xavfli hantavirus tarqalgan kruiz kemasidan evakuatsiya qilingan 90 nafardan ortiq fuqarosini mamlakatga qaytardi. Ular orasida Parijga uchayotgan reys davomida bir yo‘lovchida virusga xos alomatlar kuzatilgani ma’lum qilindi.
Mahalliy OAVlarga ko‘ra, bemorda isitma, holsizlik va nafas bilan bog‘liq muammolar qayd etilgan. Shundan so‘ng u va boshqa yo‘lovchilar zudlik bilan tibbiy nazoratga olingan.
Fransiyaga olib kelingan sayyohlar Parijdagi maxsus shifoxonaga joylashtirilgan. Ular 72 soat davomida qat’iy karantin sharoitida saqlanadi hamda to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shifokorlar ularning sog‘lig‘ini kuzatib boradi va virus alomatlari mavjud yoki yo‘qligini aniqlaydi.
Dastlabki tekshiruvlardan so‘ng fuqarolar yana 45 kun davomida uy sharoitida izolyatsiyada bo‘lishi kerakligi bildirildi. Bu davr mobaynida ular muntazam tibbiy nazoratdan o‘tadi.
Avvalroq ushbu kruiz kemasida hantavirus sabab kamida uch nafar yo‘lovchi vafot etgani xabar qilingandi. Shu sababli bir nechta davlatlar kemadagi sayyohlarni favqulodda tartibda evakuatsiya qilish choralarini ko‘rgan.
Hantavirus odatda kemiruvchilar orqali yuqadigan xavfli infeksiya hisoblanadi. Kasallik og‘ir holatlarda o‘pka va buyrak faoliyatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Mutaxassislar virus odamlar orasida keng tarqalmasligini ta’kidlasa-da, ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda.