Janubiy Koreya sobiq prezidenti 30 yilga qamaldi

Janubiy Koreya sobiq prezidenti 30 yilga qamaldi
  • 0
  • 12.06.2026 12:35:00
  • 1 min read

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yol Pxenyan dronlar yuborish bilan bog‘liq ish bo‘yicha 30 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi. Seul markaziy okrug sudi uni mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish hamda dushmanga ko‘maklashishda aybdor deb topgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Yun 2024-yil oktabr oyida Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyan hududiga dronlar uchirilishini tashkil etgan va bu orqali mamlakatda harbiy holat joriy etish uchun asos yaratishga uringan. Prokuratura sobiq prezidentning harakatlari Koreya yarimorolida sun’iy ravishda keskinlikni kuchaytirgani va davlat xavfsizligiga tahdid tug‘dirganini ta’kidlagan. Shuningdek, dronlar qulaganidan keyin maxfiy harbiy ma’lumotlar sizib chiqqani qayd etilgan.

Yun Sok Yol esa, barcha ayblovlarni rad etmoqda. Uning advokatlari dron operatsiyasiga sobiq prezident buyruq bermaganini bildirgan. Himoya tomoniga ko‘ra, ushbu harakatlar Shimoliy Koreyaning Janubiy Koreya hududiga chiqindi ortilgan sharlarni muntazam uchirishiga javob bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Yun Sok Yol joriy yil fevral oyida ham 2024-yilda harbiy holat joriy etishga urinish va parlament faoliyatiga to‘sqinlik qilish ayblovlari bilan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Sobiq prezident o‘tgan yili Konstitutsiyaviy sud uning impichmentini tasdiqlagach lavozimidan chetlatilgan. Keyinchalik, o‘tkazilgan muddatidan oldingi prezidentlik saylovida liberal siyosatchi Li Je Myong g‘alaba qozongan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News