
- 0
- 14.04.2026 17:41:00
- 1 min read
Polshaning sobiq prezidenti Lex Valensa prezidentlik pensiyasi miqdoridan noroziligini bildirib, mamlakatni kambag‘al deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar pensiyasi yetarli bo‘lganida, ishlashni davom ettirmagan bo‘lardi. Hozirda esa u turli safarlarda bo‘lib, faoliyat yuritmoqda.
“Pensiyamdan ko‘nglim to‘ladimi? Agar shunday bo‘lganida, men hozir qo‘ziqorin terishga yoki baliq oviga ketgan bo‘lardim. Ammo men hamon butun dunyo bo‘ylab sayohat qilib, ishlab yuribman”, deydi u.
Uning pensiyasi amaldagi davlat rahbari maoshining 75 foizini tashkil etadi. Bu taxminan oyiga 13 691 zlotiy (3 800 dollar)ga teng.
Shuningdek, Lex Valensa ilgari ishlagan Gdansk kemasozlik zavodi orqali ham oddiy pensiya olish huquqiga ega. Biroq u so‘nggi 20 yil davomida bu mablag‘ni olmayotganini aytgan.
Sobiq prezident bundan avval ham pensiya masalasida norozilik bildirgan. U 1990–1995-yillarda Polshaga rahbarlik qilgan hamda 1983-yilda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.