
- 4
- 27.12.2025 07:22:00
- 1 min read
Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Loyihada yaqin qarindoshlar — tog‘a, amaki, amma, xola va ularning jiyanlari, shuningdek, amakivachcha, tog‘avachcha, ammavachcha va xolavachchalar o‘rtasida nikoh tuzish taqiqlanishi nazarda tutilmoqda. Agar tomonlardan biri farzandlikka olingan yoki o‘gay bo‘lib, qon-qarindosh bo‘lmasa, bu taqiq tatbiq etilmaydi. Homiladorlik yoki bola tug‘ilishi bilan bog‘liq holatlarda hokim nikoh yoshini ko‘pi bilan 1 yilga kamaytirishi mumkin.
Yetarli yoshga to‘lmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishganlik uchun javobgarlik keskin kuchaytirilmoqda. Taklifga ko‘ra, jarima miqdori BHMning 50–100 baravarigacha (20,6 mln – 41,2 mln so‘m), yoki 240–300 soat majburiy jamoat ishlari, yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari belgilanadi.
Hozirda esa bu qilmish uchun jarima BHMning 20–30 baravari (8,24 mln – 12,36 mln so‘m) yoki yengilroq jazolar nazarda tutilgan.