
- 10
- 05.10.2026 15:26:00
- 1 min read
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches parlamentni tarqatib yuborib, 29-noyabr kuni muddatidan oldin umumiy saylovlar o‘tkazilishini e’lon qildi. Bunga parlament hukumatning uy-joy inqiroziga qarshi choralarini rad etgani va mamlakatda uy-joy narxlarining qimmatlashishiga qarshi ommaviy noroziliklar kuchaygani sabab bo‘ldi.
So‘nggi haftalarda Ispaniyaning Madrid va boshqa shaharlarida uy-joy va ijara narxlarining qimmatlashishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishlarga Madridda 87 yoshli ayolning uyidan chiqarib yuborilishi ham sabab bo‘lgan.
Hukumat taklif qilgan choralar himoyaga muhtoj ijarachilarni ko‘chirishni cheklash va ijara shartnomalarini uzaytirishni nazarda tutgan edi. Biroq parlament ularni ma’qullamadi.
Sanches saylov orqali hukumatiga parlamentda kengroq qo‘llab-quvvatlov olishni ko‘zlamoqda. Navbatdagi saylovlar dastlab 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.