Chexiya bosh vaziri O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Chexiya bosh vaziri O‘zbekistonga tashrif buyurdi
  • 0
  • 30.04.2026 15:28:00
  • 1 min read

Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev Chexiya bosh vaziri Andrey Babishni rasmiy kutib oldi. Marosimda faxriy qorovul saf tortdi, ikki davlat madhiyalari yangradi va yetakchilar delegatsiya a’zolari bilan salomlashdi. Shundan so‘ng, oliy darajadagi muzokaralar boshlandi. Chexiya bosh vaziri 29-aprel kuni Toshkentga kelib, uni Abdulla Aripov kutib olgan edi. Tashrif davomida u “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga borib, Mustaqillik monumentiga gul qo‘ydi hamda biznes forumda ishtirok etdi.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, sanoat, energetika, kimyo, farmatsevtika va IT sohalarida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, “yashil” energiya, mashinasozlik, raqamlashtirish va “aqlli shaharlar” yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Tomonlar ta’lim, madaniyat va turizm aloqalarini kengaytirish, qo‘shma dasturlar va almashinuvlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi. Shu bilan birga, Toshkent va Praga o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

Tashrif yakunida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi hamda kelishuvlarni amalga oshirish uchun qo‘shma “yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishildi.

 

 

 

 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News