Putin tashrifi oldidan mojaro: Rossiya droni Xitoy kemasiga zarba berdi

Putin tashrifi oldidan mojaro: Rossiya droni Xitoy kemasiga zarba berdi
  • 0
  • 18.05.2026 17:02:00
  • 1 min read

Ukraina harbiy-dengiz kuchlari vakili Dmitriy Pletyonchuk 18-mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Qora dengizdagi Xitoyga tegishli savdo kemasiga dron hujumi uyushtirganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, hujum Shahed droni orqali amalga oshirilib, kemada Xitoy fuqarolari ham bo‘lgan. Pletyonchuk ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Rossiya harbiylari nima sababdan Xitoy kemasini nishonga olganiga e’tibor qaratib, buni “dahshatli xatolik” deb atadi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham hodisaga munosabat bildirib, Rossiya tomoni kemaning Xitoyga tegishli ekanini bilgan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, Rossiya 18-may kungi tungi hujumlarda jami 524 ta dron hamda 22 ta ballistik va qanotli raketadan foydalangan. Hujumlar Ukrainaning Dnepr, Odessa, Chernigov, Kirovograd va Zaporojye viloyatlarida qayd etilgan. Rossiya qo‘shinlari Qora dengizdagi fuqarolik kemalari va port infratuzilmalariga muntazam zarba bermoqda. 2026-yil boshidan buyon 193 ta infratuzilma obyekti hamda 25 ta fuqarolik kemasi zarar ko‘rgan.

Mazkur voqea Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 19–20-may kunlari amalga oshirishi kutilayotgan Pekin tashrifi arafasida yuz berdi. Safar davomida Moskva va Pekin o‘rtasidagi strategik hamkorlik, global va mintaqaviy masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News