- 2
- 29.10.2025 13:10:00
- 1 min read
Xitoy hukumati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan noto‘g‘ri ma’lumotlar va soxta maslahatlarning oldini olish maqsadida blogerlar faoliyatini tartibga soluvchi yangi qonunni kuchga kiritdi.
Endilikda sog‘liqni saqlash, moliya, huquq kabi mutaxassislik talab qiladigan yo‘nalishlarda kontent tayyorlaydigan blogerlar tegishli oliy ma’lumot yoki litsenziyaga ega bo‘lishi shart bo‘ladi. Aks holda, ularning akkauntlari bloklanadi yoki jarimaga tortiladi.
Yangi qonunda bir qator qo‘shimcha talablar ham belgilangan:
🔹 AI yordamida yaratilgan kontent alohida belgilanadi;
🔹 Douyin, Weibo, Bilibili kabi platformalar blogerlarning malakasini tekshiradi;
🔹 Noto‘g‘ri maslahatlar yoki soxta ma’lumot tarqatganlar jazo oladi;
🔹 Blogerlar daromadlari va soliqlari haqida ochiq hisobot berishlari kerak;
🔹 Agar videoda AI filtrlari ishlatilsa, bu haqida oldindan ogohlantirish berilishi lozim;
🔹 Hashamatli mashinalar, brend kiyimlar yoki dabdabali sayohatlarni ko‘rsatish taqiqlanadi, chunki bu “yoshlarga noto‘g‘ri namuna bo‘lishi mumkin.”
Mutaxassislarning fikricha, ushbu qonun Xitoyda raqamli axborot maydonini yanada nazorat ostiga olish va jamoatchilik ishonchini tiklashga qaratilgan. Shu bilan birga, u blogerlar faoliyatini yanada rasmiylashtirish va professional darajaga olib chiqishni maqsad qiladi.