
- 4
- 16.10.2026 18:12:00
- 1 min read
Boshqirdistonning Ay Yola musiqiy guruhi “Gremmi” mukofotiga nomzodlarni saralashning birinchi bosqichiga kiritildi. Guruhning “Ural Batyr” albomi va “Aihylyu” qo‘shig‘i nufuzli mukofot uchun ovoz berish ro‘yxatidan joy oldi.
Bu haqda jamoa o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Ural Batyr” albomi “Eng yaxshi global musiqa albomi”, “Aihylyu” qo‘shig‘i esa “Cholg‘u asboblari va vokal uchun eng yaxshi aranjirovka” yo‘nalishida nomzodlikka da’vogarlik qilmoqda.
“Ural Batyr” — Ay Yola guruhining ilk konseptual albomi bo‘lib, qadimiy boshqird xalq dostoni “Ural botir” asosida yaratilgan. Unda milliy cholg‘u asboblari sadolari zamonaviy elektron musiqa bilan uyg‘unlashtirilgan.
“Aihylyu” qo‘shig‘i esa dostondagi Oy va qushlar podshohi Samrauning qizi haqida hikoya qiladi. Asarda ezgulik va yovuzlik kurashi, sadoqat hamda insonning o‘z yo‘lini tanlashi kabi mavzular yoritilgan.
Guruh a’zolari ushbu yutuqni boshqird milliy musiqasi va madaniyatini xalqaro maydonda tanitish uchun muhim imkoniyat deb baholamoqda.
Ma’lumot uchun, “Gremmi” mukofotining birinchi bosqichiga kiritilish hali rasmiy nominatsiyani qo‘lga kiritish degani emas. Ushbu bosqichda Amerika ovoz yozish akademiyasi a’zolari nomzodlikka loyiq ishlarni saralaydi.
Bu yil ilk ovoz berish bosqichi 12–22-oktyabr kunlari o‘tkaziladi. Rasmiy nomzodlar 16-noyabr kuni e’lon qilinadi.
69-“Gremmi” mukofotini topshirish marosimi 2027-yil 7-fevral kuni Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadi.