
- 1
- 23.10.2025 13:47:00
- 1 min read
Fransiyaning Langre shahridagi “Deni Didro ma’rifat uyi” (Maison des Lumières Denis Diderot) muzeyida yirik o‘g‘rilik sodir bo‘ldi. Mahalliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘rilar 20-oktabrga o‘tar kechasi muzeyga kirib, 90 ming yevro qiymatidagi oltin va kumush tangalarni o‘g‘irlab ketgan.
Ertasi kuni ertalab muzey xodimlari eshik va derazalar buzilganini, qimmatbaho tarixiy eksponatlar saqlanadigan vitrinalar sindirilganini aniqlagan. O‘g‘irlangan tangalar 1790–1840-yillar oralig‘ida zarb etilgan bo‘lib, ular 2011-yilda restavratsiya jarayonida topilgan va “Fransiya ma’rifat davri iqtisodiy merosi” sifatida saqlanib kelayotgan edi.
Politsiya tergov ishlarini boshlagan, biroq hozircha jinoyatchilar haqida aniq ma’lumot yo‘q. Tergovchilar o‘g‘rilik puxta rejalashtirilganini, jinoyatchilar muzey xavfsizlik tizimlarini yaxshi o‘rgangan bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.
Mazkur voqea Parijdagi Luvr muzeyidan 88 million yevrolik Napoleon davriga oid zargarlik buyumlari o‘g‘irlanganidan atigi bir kun o‘tib sodir bo‘ldi. Mutaxassislar bu ikki jinoyat o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi ehtimolini rad etmayapti.
Hozirda Fransiya huquq-tartibot organlari mamlakat bo‘ylab muzeylar xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.