Toshkentda turkiy dunyo kelajagiga bagʻishlangan xalqaro panel muhokamasi boʻlib oʻtdi

Toshkentda turkiy dunyo kelajagiga bagʻishlangan xalqaro panel muhokamasi boʻlib oʻtdi
  • 25
  • 29.09.2026 18:19:00
  • 1 min read

Joriy yilning 29-sentyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Turkiy dunyo muloqotlari: mushtarak kelajak, mushtarak qarash” mavzusida nufuzli xalqaro panel muhokamasi oʻtkazildi. Mazkur tadbir Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi tomonidan tashkil etildi.

Anjuman Turkiy davlatlar tashkilotining yaqinlashib kelayotgan 13-sammiti oldidan oʻtkazilayotgan turkum tadbirlarning uchinchisi hisoblanadi. Undan koʻzlangan asosiy maqsad — turkiy dunyoning mintaqaviy va global miqyosdagi oʻrnini mustahkamlash, umumiy strategik qarashlarni oʻrtoqlashish hamda akademik va madaniy hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.

 

Tadbirning ochilish marosimi va shoʻba majlislarida Oʻzbekiston va Turkiyaning nufuzli davlat arboblari, diplomatlar va yetakchi ekspertlar ishtirok etdi. Xususan, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, Turkiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ufuk Ulutash, Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Mirvohid Azimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari Javlon Vahobov soʻzga chiqib, oʻzaro aloqalarning bugungi holati va istiqbollariga toʻxtalib oʻtdilar. 

 

Shuningdek, yigʻilishda Turkiya Kommunikatsiya boshqarmasi raisi, professor Burhanettin Duranning ishtirokchilarga yoʻllagan videomurojaati taqdim etildi.

 

Muloqotlar davomida turkiy davlatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ijtimoiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, oktyabr oyida Anqarada boʻlib oʻtadigan TDT Davlat va hukumat rahbarlarining sammitiga tayyorgarlik koʻrish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News