
- 0
- 20.05.2026 16:25:00
- 1 min read
Namangan viloyatida kuchli do‘l yog‘ishining oldini olish maqsadida bulutlarga maxsus “Alazan-6” snaryadlari uchirildi. “O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida 1, 11 va 12 may kunlari do‘l bulutlariga ta’sir ko‘rsatilib, jami 57 dona snaryad qo‘llanilgan.
Qayd etilishicha, ushbu choralar do‘l jarayonini zaiflashtirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini himoya qilish maqsadida ko‘rilgan. “Alazan-6” snaryadi atmosferaga kumush yodidi sochib, do‘l hosil bo‘lish jarayoniga ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, makur Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish xizmati do‘lli jarayonlarning faollik nisbati yuqori deb belgilangan Namangan, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida faoliyat yuritadi. Mutaxassislar so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi sabab qisqa muddatli kuchli yog‘ingarchilik va do‘l hodisalari ko‘payayotganini ta’kidlagan.