
- 4
- 13.01.2026 18:56:00
- 1 min read
Avvalroq bir erkakni urib komaga tushirgan Akmal Shukurovning 8 yillik qamoq jazosini ozodlikni cheklashga almashtirgan sudyalar ishdan olingani haqida xabar berilgandi. Endi Bosh prokuratura bu sudyalarga mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Mazkur ish doirasida Toshkent shahar sudi raisining sobiq o‘rinbosari Murodjon Mirzajonov hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining sobiq sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Abidov va Muhtarama Turg‘unova ayblanuvchi sifatida ishga jalb etilib, qamoqqa olindi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular Akmal Shukurovga nisbatan birinchi instansiya sudi tomonidan tayinlangan 8 yil 1 oylik qamoq jazosini noqonuniy ravishda yengillashtirib, jazoni ozodlikni cheklash bilan almashtirgan va uni sud zalidan ozod etgan. Keyinchalik prokuratura protesti asosida ish qayta ko‘rib chiqilib, apellyasiya qarori bekor qilindi va Akmal Shukurovga 5 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, u yana qamoqqa qaytarildi.
Hozirda ish bo‘yicha dastlabki tergov Bosh prokuratura tomonidan olib borilmoqda.