
- 1
- 10.02.2026 09:37:00
- 1 min read
Qirg‘iziston deputati Umbetali Qidiraliyev qo‘shni davlatlar sug‘orish suvi uchun Qirg‘izistonga to‘lov qilmayotganidan norozilik bildirdi. U bu haqda 9-fevral kuni Jo‘qorg‘i Keneshning tegishli qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Deputatning aytishicha, iqlim o‘zgarishi fonida suv tanqisligi kuchayib borayotgan bir paytda Qirg‘izistondagi suv omborlaridagi suvning qariyb 80 foizi Qozog‘iston va O‘zbekistonga oqib ketmoqda. U gidroinshootlarni saqlash va ta’mirlash katta xarajat talab qilishini ta’kidladi hamda nega Qirg‘iziston o‘z suvi uchun pul olmayotganini savol ostiga oldi.
Suv resurslari vaziri Bakit Toroboyev Qambarota GES-1 loyihasida O‘zbekiston va Qozog‘iston suvdan manfaatdor tomonlar ekanini yashirmayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kampirobod suv ombori O‘zbekiston bilan teng ulushda boshqariladi, boshqa omborlar bo‘yicha esa har yili suv hajmi davlatlararo komissiyalar tomonidan belgilanadi. Toroboyev prezident Sadir Japarov qo‘shni davlatlardan suv uchun pul talab qilmaslik siyosatini tutayotganini, ta’mirlash ishlari asosan Qirg‘izistonning o‘z kuchi bilan olib borilishini aytdi.