O‘zbekiston madaniyati Moskvada: san’at, hamkorlik va yangi loyihalar

O‘zbekiston madaniyati Moskvada: san’at, hamkorlik va yangi loyihalar
  • 12
  • 06.10.2026 12:44:00
  • 2 мин оқу

Rossiyada “O‘zbekiston madaniyati kunlari” o‘tkazildi. 4–5-oktyabr kunlari tashkil etilgan tadbirlar O‘zbekiston san’ati va madaniyatini Rossiya jamoatchiligiga namoyish etish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishga qaratildi.

Ikki kunlik dastur davomida madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilinib, yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Rossiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar va turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi.

Madaniyat kunlari doirasida O‘zbekiston va Rossiya madaniyat vazirlari Ozodbek Nazarbekov va Olga Lyubimova ishtirokida uchrashuv ham tashkil etildi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning istiqbollari, ijodiy jamoalar almashinuvi va qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbirning muhim natijalaridan biri — O‘zbekiston xoreografiya akademiyasi, O‘zbekiston raqs san’ati ijodiy birlashmasi va Moskva xoreografiya akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi.

Madaniyat kunlarining eng yirik tadbiri Moskvadagi Davlat Kreml saroyida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston shu’lasi” tantanali konsertida mamlakatning an’anaviy va zamonaviy san’ati bir sahnada namoyish etildi.

Konsert dasturidan maqom, milliy musiqa, opera, estrada va xoreografiya namunalari o‘rin oldi. Unda O‘zbekiston milliy simfonik orkestri, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, Mukarrama To‘rg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli, O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti talabalari va taniqli san’atkorlar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan fotoko‘rgazmada esa O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy san’atidagi yutuqlar namoyish qilindi.

Rossiyada “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning uchinchi bor o‘tkazilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarning izchil davom etayotganini ko‘rsatadi. Bunday tadbirlar nafaqat milliy san’at namunalarini xorijda targ‘ib qilish, balki ijodkorlar o‘rtasidagi hamkorlik uchun yangi maydon yaratishi bilan ham ahamiyatli.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News