
- 0
- 30.05.2026 21:04:00
- 1 мин оқу
Navoiy viloyatida qoidabuzar haydovchi tomonidan taklif etilgan ming dollar porani rad etgan yoʻl-patrul xizmati xodimi pul mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi maʼlum qildi. Qayd etilishicha, joriy yilning 7-aprel kuni Karmana tumanida Samarqand–Navoiy yoʻnalishida harakatlanayotgan Lacetti avtomobili YPX xodimlari tomonidan toʻxtatilib, haydovchining mast ekanligi aniqlangan. Oradan vaqt oʻtib, haydovchining otasi YPX xodimlari huzuriga kelib, hujjatlarni sudga yubormaslik hamda avtomobilni jarima maydonidan chiqarib berish evaziga 1000 dollar pora taklif qilgan. YPX xodimi bu haqda tegishli tartibda ichki ishlar organlariga xabar bergan hamda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro ming dollar pora berishga uringan paytda qoʻlga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Pora olishdan bosh tortgan kapitan Sherbek Turxonov esa, davlat tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari — 12 million 360 ming soʻm pul mukofoti bilan taqdirlangan.