
- 1
- 02.06.2026 14:09:00
- 1 мин оқу
Shavkat Mirziyoyev “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida joylashgan “Kmita Polymers” korxonasiga tashrif buyurdi. Rossiyaning “Polymers” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu korxona keng assortimentdagi polietilen plyonka mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Taʼkidlanishicha, korxona 6 670 kvadrat metr maydonda Italiyaning zamonaviy texnologik uskunalari asosida faoliyat yuritib, yiliga 9,5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaradi.
Shuningdek, investitsiya dasturi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda hamda uning umumiy qiymati 15,2 million dollarni tashkil etadi. Hozirgacha birinchi bosqichda 7,4 million dollar o‘zlashtirilgan.
Maʼlumot uchun, 2025-yilda korxona tomonidan 115 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Jumladan, ishlab chiqarilayotgan polimer mahsulotlarning Coca-Cola, Pepsi, Flash, “Черноголовка”, Ackerman, Asl Oyna, Biolife va Family Group kabi yirik brendlar qadoqlash tizimida keng qo‘llanilayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda bunday korxonalar sonining ko‘payishi nafaqat bir tarmoqning rivojlanishiga, balki oziq-ovqat sanoati, qurilish, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarning barqaror ishlashiga ham xizmat qilishi aytib o‘tildi.