
- 0
- 19.12.2025 14:42:00
- 2 мин оқу
Bugungi kunda “Maydondagi ko‘k traktor” ( «Синий трактор») bolalar orasida eng mashhur multseriallardan biri hisoblanadi. U nafaqat qo‘shiqlari, balki sodda syujeti va esda qoladigan obrazi bilan kichkintoylar qalbidan joy olgan. Biroq ushbu loyiha aniq qachon yaratilgani, kim tomonidan ishlab chiqilgani va qanday qilib milliardlab tomoshalarga yetgani ko‘pchilikka qiziq.
“Maydondagi ko‘k traktor” («Синий трактор») loyihasi 2014-yilda yaratilgan. Uning muallifi va g‘oya asoschisi — Artur Dneprovskiy, u bolalar uchun mo‘ljallangan raqamli kontent yaratishga ixtisoslashgan ijodkor sifatida tanilgan. Loyiha Big Papa studiyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Multserial musiqalari esa bastakor Artyom Kolpakov tomonidan yozilgan. Aynan uning sodda, ritmik va takrorlanuvchi ohanglari «Ko‘k traktor»ning asosiy muvaffaqiyat omillaridan biriga aylandi.
Loyiha keng ommaga 2015-yilda chiqdi. Aynan shu yili YouTube platformasida “Traktor ketyapti” («Едет трактор») nomli epizod e’lon qilindi. Undagi mashhur «По полям, по полям…» qo‘shig‘i juda qisqa vaqt ichida virusli tarqaldi.
Mazkur video bir necha yil ichida 1,5 milliarddan ortiq marta ko‘rildi, bu esa uni bolalar kontenti orasida rekord darajadagi natijalardan biriga aylantirdi. Qo‘shiq nafaqat bolalar, balki kattalar orasida ham memlar, remikslar va parodiyalar orqali mashhur bo‘lib ketdi.
Loyiha mualliflari boshidan boshlab 0–3 yoshli bolalar auditoriyasini nishonga olgan. Shuning uchun so‘zlar juda sodda, harakatlar sekin va tushunarli, ranglar yorqin, lekin ko‘zni charchatmaydi va takrorlanish esa bolalarning xotirasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, traktor obrazi ko‘plab bolalar uchun tanish va qo‘rqinchli emas, aksincha, do‘stona qahramon sifatida tasvirlangan.
“Maydondagi ko‘k traktor” («Синий трактор»)ning muvaffaqiyati — bu aniq rejalashtirilgan kontent, yosh bolalar psixologiyasiga mos yondashuv va raqamli platformalardan to‘g‘ri foydalanish natijasidir. 2014 yilda yaratilgan oddiy multfilm bugun milliardlab tomoshaga ega bo‘lgan global bolalar brendiga aylangan.