
- 7
- 17.10.2026 10:52:00
- 2 мин оқу
2026-yil 16-oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar kengashi yig‘ilishi doirasida bir qator xorijiy kompaniyalar vakillarini qabul qildi. Uchrashuvlarda energetika, neft-gaz, infratuzilma, sanoat va investitsiya loyihalarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezident O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, ACWA Power boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Tomonlar yashil energetika, zamonaviy infratuzilma, yuqori texnologiyalar va sog‘liqni saqlash sohalaridagi investitsiya loyihalarini jadallashtirishni muhokama qildi.

SOCAR rahbari Rovshan Najaf hamda British Petroleum katta vitse-prezidenti Jovanni Kristofoli bilan uchrashuvda Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini o‘zlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, neft-gaz sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish, neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berish hamda sotish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Cengiz Holding boshqaruvi raisi Mehmet Chingiz bilan energetika, geologiya va infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Issiqlik elektr stansiyalarini qurish va elektr taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi.

Aksa Energy direktorlar kengashi raisi Jamil Qozonchi bilan kompaniyaning O‘zbekiston energetika tarmog‘ini rivojlantirish va texnologik modernizatsiya qilish loyihalaridagi ishtiroki muhokama qilindi. Tomonlar aniq loyihalar bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishib oldi.

Masdar bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al-Ramahiy va AMEA Power raisi Husayn Al-Novays bilan yashil energetika, zamonaviy infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, turizm va xizmatlar sohasidagi loyihalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xitoyning CAMCE, China Energy va Sinoma Energy kompaniyalari rahbarlari bilan qayta tiklanuvchi energetika, energiya saqlash, chiqindilarni qayta ishlash va suv ta’minoti sohalaridagi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi. Andijon viloyatida logistika markazini tashkil etish, agrovoltaikani rivojlantirish va neft-gaz loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

Voltamp Energy direktorlar kengashi raisi Sayyid Ayman al-Busaydiy bilan quyosh elektr stansiyalarini qurish va yuqori kuchlanishli transformatorlar ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida kompaniya ishtirokidagi amaldagi va yangi loyihalarni yo‘l xaritasi asosida amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuvlar doirasida O‘zbekistonning xorijiy investorlar bilan amaliy hamkorligini kengaytirish, energetika quvvatlarini rivojlantirish va ustuvor investitsiya loyihalarini jadallashtirishga e’tibor qaratildi.