Energetika tarmogʻidagi ustuvor vazifalar ijrosi koʻrib chiqildi

Energetika tarmogʻidagi ustuvor vazifalar ijrosi koʻrib chiqildi
  • 0
  • 07.08.2026 14:55:00
  • 2 мин оқу

Prezident Shavkat Mirziyoyevga energetika tarmogʻi oldiga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berildi.
Joriy yil 27-iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi ustuvor masalalar boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Unda sohadagi boshqaruv, joylarda elektr va gaz taʼminoti barqarorligi, avariyalar hamda energiya yoʻqotishlarini qisqartirish borasidagi ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.


Taqdimotda elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq ishlarni “tumanbay” va “mahallabay” tashkil etish, hududlarning energiya iste’moli balansini shakllantirish, elektr va gaz tarmoqlari hamda uskunalarni xatlovdan o‘tkazish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni kuchaytirish, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Yangiyo‘l tumanida elektr va gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha maxsus shtab faoliyat yuritmoqda. Bu yerda aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, elektr uzilishlari, quvvat yetishmasligi, gaz bosimining pasayishi, texnik shartlar olish hamda qarzdorlik bilan bog‘liq murojaatlar bevosita joyida o‘rganilmoqda.
Mazkur tajriba asosida yana 13 ta tumanda xuddi shunday tizimni yo‘lga qo‘yish, keyinchalik esa uni respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini elektr va gaz tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni rasmiylashtirish jarayonlarini yanada shaffof tashkil etish, korrupsiyaviy xavflarning oldini olish hamda nazoratni kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida eskirgan tarmoqlar va uskunalarni yangilash, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish hamda avariyaviy uzilishlarning oldini olish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, xodimlarga topshiriqlarni elektron tizim orqali yetkazish, ularning ijrosini nazorat qilish va faoliyat samaradorligini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash mexanizmini joriy etish rejalashtirilgan.
Energetika vazirligiga tarmoqda yagona boshqaruv tizimini shakllantirish, soha korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni tizimli tashkil etish vazifalari yuklatildi.
Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga elektr ta’minoti barqarorligini oshirish, infratuzilmani bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, avariyaviy uzilishlarni kamaytirish va xizmatlar sifatini yaxshilash topshirildi.
O‘zenergoinspeksiya esa energiya resurslaridan oqilona foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish, texnik talablarga rioya etilishini ta’minlash, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish hamda yirik iste’molchilarda energiya auditini jadallashtirish bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyati cheklangan hududlarni mavsumga tayyorlash, suyultirilgan gaz ta’minotiga xususiy sektorni keng jalb qilish va sohadagi monitoring jarayonlarida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga barcha ishlarni aniq hisob-kitoblar asosida tashkil etish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr hamda gaz bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News