Toshkentda erkak 5 oylik chaqaloqni urib o‘ldirdi

Toshkentda erkak 5 oylik chaqaloqni urib o‘ldirdi
  • 4
  • 27.07.2026 11:21:00
  • 1 мин оқу

Toshkent shahrida birga yashagan ayolining 5 oylik chaqalog‘ini urib o‘ldirgan 29 yoshli erkak 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, erkak uyga mast holda kelib, uxlab qolgan va chaqaloqning yig‘isidan uyg‘onib ketgan. Bu paytda ayol uyda bo‘lmagan. Ayolning uyda yo‘qligi va telefoniga javob bermagani erkakning jahli chiqishiga sabab bo‘lgan. Suddagi ko‘rsatmasida u ayolni boshqa erkak bilan uchrashishga ketgan deb gumon qilgani, shu sabab rashk va g‘azabga berilganini aytgan.

Shundan so‘ng erkak tinmay yig‘layotgan chaqaloqni bir necha marta urgan va bo‘yni hamda yelkasidan ushlab bir necha bor siltagan. Keyin esa uni kolyaskaga yotqizib, yana do‘konga chiqib ketgan. Ayol uyga qaytgach, bolaning ahvoli og‘irlashganini ko‘rib tez yordam chaqirgan. Biroq shifoxonada shifokorlar chaqaloq vafot etganini ma’lum qilgan.

Sud-tibbiy ekspertiza chaqaloqning o‘limiga bosh miya jarohati va miyaga qon quyilishi sabab bo‘lganini aniqlagan. Ayol esa sudda voqea sodir bo‘lgan paytda tanishinikiga borganini, telefoni nosoz bo‘lgani sababli o‘chiq bo‘lganini, bolasini esa erkakka ishonib qoldirganini bildirgan. Sud erkakni ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirishda aybdor deb topib, unga 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News