
- 10
- 05.10.2026 12:03:00
- 1 мин оқу
Latviya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha cheklashni taklif qildi. Vazirlik bu tashabbusni mamlakatga kelganidan qisqa vaqt o‘tib jinoyat sodir etgan ayrim O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq holatlar bilan izohlamoqda. Bu haqda Rus.Delfi nashri xabar berdi.
Latviya Ichki ishlar vaziri Yanis Dombrovaning ta’kidlashicha, qisqa vaqt ichida mamlakatga kelgan bir necha O‘zbekiston fuqarosi jinoyat sodir etgan. U bunday holatlar orasida voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar ham borligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Latviya bunday holatlarning oldini olish uchun O‘zbekiston bilan xavfsizlik masalalarida hamkorlikni kuchaytirishi va jamoat xavfsizligiga tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan shaxslarning mamlakatga kirishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Biroq, hozirda O‘zbekistonlik fuqarolar uchun viza berishni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Ma'lumot uchun, 4-sentabr kuni Latviyaning Yelgava shahrida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik harakatlarda gumonlangan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. 1987-yilda tug‘ilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 6-sentabr kuni sud qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.