
- 8
- 26.06.2026 12:42:00
- 1 мин оқу
Hukumatning 2026-yil 24-iyundagi 322-son qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar uchun pedagogika yo‘nalishida maqsadli magistratura tizimi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, oliy toifali o‘qituvchilar magistraturada ish faoliyatini davom ettirgan holda masofaviy ta’lim shaklida tahsil olishi mumkin. Maqsadli magistraturaga qabul amaldagi magistratura qabul tartibi asosida amalga oshiriladi.
Mazkur dastur bo‘yicha o‘qishni tamomlagan pedagoglar kamida 3 yil davomida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ishlash majburiyatini oladi.
Shuningdek, ushbu dastur asosida magistraturaga qabul qilingan oliy toifali o‘qituvchilarga to‘lov-kontrakt mablag‘ini davlat byudjeti hisobidan qoplash tartibi tatbiq etilmaydi. Qarorga ko‘ra, 2026/2027 oʻquv yilidan oliy toifali oʻqituvchilarni Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universitetida maqsadli magistraturada oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.