
- 8
- 25.09.2026 14:58:00
- 1 мин оқу
Qozog‘istonda Kaspiy dengizida 14 nafar harbiy halok bo‘lgan mashg‘ulotlar bo‘yicha Mudofaa vazirligining 5 nafar mansabdori qo‘lga olindi. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
24-sentabr kuni Oqtov shahridan 43 kilometr uzoqlikdagi Kaspiy dengizi sohilida mashg‘ulotlar vaqtida “Qaysar” kateridan harbiylarni tushirish chog‘ida 17 nafar harbiyni kuchli to‘lqin va noqulay ob-havo sharoitida dengiz oqizib ketgan. Uch kishi qutqarilgan, 14 nafari halok bo‘lgan.
Qo‘lga olinganlar orasida Qozog‘iston Harbiy-dengiz kuchlari shtab boshlig‘i — Bosh qo‘mondonning birinchi o‘rinbosari, ikki harbiy qism komandiri, dengiz piyodalari rotasi komandiri va kater komandiri bor.
Ular xizmatga loqaydlik qilganlikda hamda kemani boshqarish qoidalarini buzib, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lganlikda gumon qilinmoqda. Beshala shaxs ham gumonlanuvchi sifatida tan olingan va vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirilgan.
Tergov davomida mashg‘ulotlarni tashkil etishdagi qarorlar, xavfsizlik talablari, ob-havo va gidrometeorologik sharoit, katerning texnik holati hamda mas’ul mansabdorlarning harakatlari o‘rganilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi tergov davomida boshqa gumonlanuvchilar ham aniqlanishi va qo‘lga olinishi mumkinligini bildirdi. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov Qozog‘iston IIV va Bosh prokuraturasi nazoratida.