
- 10
- 07.10.2026 10:56:00
- 1 мин оқу
Qozog‘iston Harbiy-dengiz kuchlarining sobiq qo‘mondoni Qanat Niyazbekov Kaspiy dengizidagi harbiy mashg‘ulotlar vaqtida 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida hibsga olindi. Sud uning qamoqqa olinishiga ruxsat berdi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Niyazbekov xizmat vazifalariga loqayd munosabatda bo‘lishda gumonlanmoqda. U vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan, tergov davom etmoqda. Niyazbekov 3-oktabr kuni Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni lavozimidan ozod etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 24-sentabr kuni Mang‘istau viloyatidagi harbiy mashg‘ulotlar vaqtida 17 nafar harbiy dengizga oqib ketgan. Ulardan 3 nafari qutqarilgan, 14 nafari halok bo‘lgan. Fojia yuzasidan besh nafar mansabdor shaxs avvalroq hibsga olingan.
Shuningdek, Qozog‘iston Mudofaa vazirligidagi tekshiruvlar natijasida davlat mulkini o‘zlashtirish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish ehtimoli bo‘yicha 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan.