
- 1
- 02.06.2026 16:40:00
- 1 мин оқу
Prezident kimyo sanoatini rivojlantirishga qaratilgan yig‘ilishda kimyo sanoati uchun yirik innovatsion klaster tashkil etilishini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida 60 gektar maydonda Kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasteri barpo etiladi. Klaster hududida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi tashkil etilib, unda tajriba-sinov ishlari bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi qoplab beriladi.
Shuningdek, 2027-yil yakunigacha Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali yangi klaster hududiga ko‘chiriladi.
Yangi loyihalar natijasida nanokimyo, “yashil” kimyo, supermolekulyar kimyo va sun’iy intellekt asosida kimyoviy modellashtirish kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarga talab ortishi kutilmoqda. Shu maqsadda kimyo sohasida kadrlar tayyorlaydigan 35 ta oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va kafedra mudirlari yirik loyihalarga biriktirildi.
Yig‘ilishda kimyo sanoatida 17 milliard dollarlik 350 dan ortiq loyihani amalga oshirish dasturi ishlab chiqilib, ishlarni boshlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Xususan, “O‘zkimyosanoat” tizimini transformatsiya qilish va uni zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida rivojlantirish zarurligi qayd etildi.