
- 11
- 01.10.2026 16:31:00
- 1 мин оқу
30-sentabr kuni Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai samolyotida uchuvchilar o‘rtasida janjal yuzaga kelib, ulardan biri ikkinchisiga pichoq bilan hujum qilgan. Hodisa oqibatida samolyot Saudiya Arabistonining Tabuk shahriga favqulodda qo‘ndirilgan.
Samolyot bortida 174 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, ularning katta qismi Isroil fuqarolari edi.
Parvoz vaqtida ekipaj avval 7700, keyin esa noqonuniy aralashuv yoki samolyotni olib qochish holatini bildiruvchi 7500 signalini yuborgan. Samolyot qisqa vaqt ichida keskin pastlagan.
Pichoqlangan uchuvchi Hindiston fuqarosi, kapitan Smit Machchxar ekani ma’lum bo‘ldi. U jarohatlanganiga qaramay, kabina eshigini ochishga ulgurgan.
Shundan so‘ng yo‘lovchi Yaniv Xayun boshqa yo‘lovchilar bilan birga kabinaga kirib, hujum qilgan uchuvchini zararsizlantirishga yordam bergan. Keyin bortda yo‘lovchi sifatida bo‘lgan ikki nafar uchuvchi samolyot boshqaruvini o‘z qo‘liga olib, uni Tabuk aeroportiga xavfsiz qo‘ndirgan.
Isroil rasmiylari hujum qilgan uchuvchi samolyotni ataylab qulatishga uringan bo‘lishi mumkinligini bildirgan va hodisaning terrorchilik hujumi ehtimolini tekshirmoqda. Biroq hujumning aniq sababi va gumonlanuvchining motivi hozircha rasman ma’lum qilinmagan.
Smit Machchxar shifoxonaga olib ketilgan, uning ahvoli barqaror ekani ma’lum qilingan. Ikkinchi uchuvchi esa hibsga olingan va Saudiya Arabistoni huquq-tartibot organlari tomonidan so‘roq qilinmoqda.