
- 20
- 14.11.2026 11:59:00
- 1 мин оқу
Disney animatsiya studiyasi 2002-yilda ekranlarga chiqqan mashhur "Lilo va Stich" multfilmi asosida "Lilo va Skretch" nomli yangi qisqa metrajli animatsion film yaratdi.
Olti daqiqalik multfilmda Lilo uyiga Skretch ismli yoqimtoy mushukchani olib keladi va uni Stichning qaramog‘ida qoldiradi. Biroq mushukcha ko‘rinishidan begunoh bo‘lsa-da, aslida Stichdan qolishmaydigan darajada sho‘x va vayronkor bo‘lib chiqadi. Natijada ikki qahramon o‘rtasida kulgili voqealar boshlanadi.
Film rejissyorlari Malkon Pirs va Fon Virasuntorn bo‘lib, ijodkorlar unda an’anaviy 2D hamda zamonaviy 3D animatsiya texnologiyalarini uyg‘unlashtirgan. Ayrim fonlar qo‘lda akvarel uslubida chizilgan, qahramonlar esa uch o‘lchamli grafika yordamida yaratilgan.
Bu Disney animatsiya studiyasi tomonidan "Lilo va Stich" olamida 2002-yildan buyon yaratilgan ilk loyiha hamda studiyaning so‘nggi besh yildagi birinchi qisqa metrajli filmidir.
"Lilo va Skretch" 25-noyabr kuni Disney’ning "Hexed" ("Sehrlangan") animatsion filmi namoyishidan oldin katta ekranlarda namoyish etiladi.
Manba: Variety