
- 2
- 21.10.2026 15:23:00
- 1 min read
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi davomida “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan Sulton Tex Group klasterining yangi fabrikasini ko‘zdan kechirdi.
Qiymati 54 million dollar bo‘lgan korxonada yiliga 20 ming tonna mato ishlab chiqarish va bo‘yash quvvati yaratilgan. Bu yerda 840 ta doimiy ish o‘rni tashkil etilgan.

Fabrikada suv va energiyani tejash texnologiyalari joriy qilingan. Qiymati 3 million dollar bo‘lgan yopiq suv aylanishi tizimi ishlatilgan suvning 95 foizdan ortig‘ini tozalab, qayta foydalanish imkonini beradi. Natijada yiliga 1,1 million kub metr suvni tejash mumkin.
Korxonaning uzluksiz elektr ta’minoti uchun gaz generatori o‘rnatilgan. Bino tomi va devorlariga umumiy quvvati 3,5 megavatt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirilgan. Bu texnologiyalar energiya sarfi va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Klaster kelgusida erkin iqtisodiy zonada 70 million dollarlik loyihani amalga oshirib, 3 570 ta yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan. Viloyatning boshqa tumanlarida esa qiymati 17 million dollar bo‘lgan loyihalar orqali yana 1 220 kishini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Tashrif davomida tadbirkor davlat rahbariga fabrikada ishlab chiqarilgan kiyimni sovg‘a qildi.
#casia #prezident #qarshi #fabrika