
- 2
- 19.02.2026 14:53:00
- 1 min read
O‘zbekistonda 2026-yilgi davlat dasturi asosida prezident farmoni qabul qilinib, sobiq amaldorlarning avval nazorat qilgan tashkilotlarda ishlashiga cheklov joriy qilindi. Farmonga ko‘ra, davlat organida xizmatdan bo‘shatilgan xodim ikki yil ichida avval bevosita yoki bilvosita nazorat qilgan tashkilotlarda ishlay olmaydi. Bu tartib korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini mustahkamlashga qaratilgan.
Farmon bilan idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va ijrosini boshlash belgilangan. Loyihada korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xulosasi berish tartibi, muddatlari, shikoyat berish mexanizmi, shuningdek xulosa asosida ko‘riladigan chora-tadbirlar aniq belgilanishi ko‘zda tutilgan. Ushbu jarayonda Antikorrupsiya agentligi, Hisob palatasi hamda manfaatdor vazirliklar mas’ul etib belgilanadi.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentabrdan sohalar va hududlar kesimida korrupsiyaviy xavflar xaritasi tuziladi. “Raqamli komplayens” axborot tizimida korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan lavozimlar reyestri yuritiladi. Davlat xodimlari uchun maslahat beradigan chat-bot (“Maslahatchi”) esa Antikorrupsiya agentligi sayti va “E-anticor” platformasida ishga tushadi. Mazkur mexanizm davlat xizmatchilarining xususiy sektorga o‘tishini tartibga solish va korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ishlab chiqilgan.