
- 1
- 06.03.2026 18:45:00
- 2 min read
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida tashkil etilgan bayram tadbirida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan barcha ayollarni tabrikladi va ularning jamiyat, oila, onalik va tadbirkorlikdagi hissasini e’tirof etdi. U ayollarni jamiyat taraqqiyotida markaziy kuch deb atadi va ularni “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” sifatida qadrlashini ta’kidladi.
Tadbirda e’lon qilingan qarorlar:
🔹 “Daromadli ayol” dasturi: uyida tadbirkorlik qilayotgan 50 ming ayol qo‘llab-quvvatlanadi (kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, asalarichilik, tomorqachilik).
🔹 “Hamroh” dasturi doirasida 3 mingta ayol loyihasiga jami 1 trillion so‘m ajratiladi.
🔹 2026-yilda 1,5 million ayol daromadli qilinadi, shundan 400 ming nafari biznesga jalb etiladi; 166 ming ayol zamonaviy kasblarga, 100 ming nafari IT sohasiga o‘qitiladi.
🔹 Jazoni o‘tayotgan ayollar uchun oliy ta’lim va kasb dasturlari joriy qilinadi; kontrakt pullari davlat tomonidan qoplanadi.
🔹 Top 300 oliygoh bilan qo‘shma magistratura dasturlari: talaba-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat tomonidan qoplanadi.
🔹 Davlat grantlari: ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun grantlar ikki barobar oshirilib, 4 mingta kvota ajratiladi; davlat texnikumlariga o‘qishga kirgan qizlar to‘liq grant asosida ta’lim oladi.
🔹 Startap va innovatsiya qo‘llab-quvvatlash: yiliga kamida 10 yo‘nalishda startap tanlovlari, har bir g‘olibga 500 million so‘mgacha grant.
Prezident O‘zbekistonning gender tenglik va boshqaruvdagi xalqaro reytinglarda yutuqlarga erishganini ta’kidladi: Parlamentlararo ittifoq reytingida 36-o‘rin, “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida 52-o‘rin, Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 48-o‘rin.