
- 2
- 23.02.2026 11:09:00
- 1 min read
Farg‘ona shahridagi bir nechta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Holat viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan rasman tasdiqlandi.
Ma’lum qilinishicha, bolalarda tana haroratining ko‘tarilishi, qorinda og‘riq, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish va ich ketishi kabi belgilar kuzatilgan. Dastlabki murojaatlar 20-fevral kuni qayd etilgan. Ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, bolalar uyga qaytgach sog‘lig‘i yomonlashgan. Ayrim fuqarolar zaharlanish ovqat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarda go‘sht mahsulotlari sabab bo‘lgani haqidagi gumonlar ham tilga olingan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 21-fevral kuni kechki paytdan boshlab Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga jami 62 nafar bola yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan ularga “o‘tkir diareya, alimentar etiologiya” tashxisi qo‘yilgan. Hozirda bolalarning ahvoli barqaror va ijobiy dinamikada ekani bildirilgan.
Shuningdek, mazkur bog‘chalarga ovqatlar keytering tizimi asosida yetkazib berilgani ma’lum bo‘ldi. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari Quvasoy shahrida faoliyat yurituvchi Garden Catering Trade MCHJ tomonidan yetkazilgan.
Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan tekshiruvlar boshlangan. Bog‘chalar oshxonalaridan hamda ovqat yetkazib beruvchi korxonadan laboratoriya namunalari olinib, tahlil qilinmoqda. Mas’ul idoralar zaharlanish sabablari bo‘yicha yakuniy xulosa tekshiruv natijalaridan so‘ng e’lon qilinishini ma’lum qildi.
Manba: Kun.uz