
- 5
- 02.02.2026 13:41:00
- 1 daq o'qish
Bugungi kunda Mario — videoo‘yinlar tarixidagi eng mashhur va taniqli qahramonlardan biri. Ammo bu afsonaviy obrazning ismi qanday paydo bo‘lganini ko‘pchilik bilavermaydi.
1981-yilda chiqarilgan Donkey Kong o‘yinida bu qahramon dastlab Jumpman deb atalgan. U oddiygina sakraydigan qahramon bo‘lib, Nintendo jamoasi unga vaqtinchalik nom bergan edi. Biroq kompaniya o‘yinning mashhurligi oshib borayotganini ko‘rib, qahramonga esda qoladigan, o‘ziga xos ism berishni xohladi.
Aynan shu davrda Nintendo’ning AQShdagi ombori egasi — italiyalik amerikalik Mario Segal bilan ijara masalasi bo‘yicha tortishuv yuzaga keladi. Segal xodimlardan ijara haqini talab qilib, ofisga tez-tez kelib turgan. Uning tashqi ko‘rinishi va xarakteri Jumpmanga biroz o‘xshash bo‘lgani sababli, Nintendo xodimlari hazil tariqasida qahramonni “Mario” deb atay boshlashadi.
Bu hazil tez orada rasmiy nomga aylanadi. Shunday qilib, Jumpman Marioga aylandi. Oddiy tasodif va ichki hazil esa vaqt o‘tib butun dunyoda mashhur bo‘lgan o‘yin qahramonini yaratdi.
Bugun Mario — Nintendo’ning ramzi, yuzlab o‘yinlar qahramoni va pop-madaniyatning ajralmas qismi hisoblanadi.