
- 15
- 23.11.2026 20:00:00
- 2 daq o'qish
Prezident Şavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni Iordaniyaga parvoz vaqtida nabirasi Şavkatbekka maktub yölladi. Unda davlat rahbari bolalik xotiralari, prezidentlik mas’uliyati, vaqt yetişmasligi va yoşlarning kelajagi haqida fikr bildirgan.
Mirziyoyev maktubida bolaligida yozning jaziramasida ğöza çopgani, qişning sovuğida paxta terganini eslagan. Uning aytişiça, maktabda öqigan 10 yilining deyarli yarmi dalada ötgan. Prezident lavozimiga kelgaç, birinçi navbatda bolalarni paxta dalalaridan maktablarga qaytarganini ham ta’kidlagan.
Davlat rahbari nabirasiga zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellektdan unumli foydalaniş, biroq ularga qaram bölib qolmaslikni maslahat bergan. Şuningdek, xorijiy tillarni örganiş, köproq kitob öqiş, bilim oliş va muvaffaqiyatsizliklardan tuşkunlikka tuşmaslikka çaqirgan.
Maktubda prezident öziga eng köp yetişmaydigan narsa vaqt ekanini ham yozgan. Uning ta’kidlaşiça, mamlakatni rivojlantirişga qaratilgan ğoya va taşabbuslarni amalga oşiriş uçun köp işlaşiga, kam uxlaşiga töğri kelmoqda.
“...Taqdir zimmamga şunday vazifa yuklaganki, men nafaqat sening, balki senga öxşagan millionlab Özbekiston farzandlarining kelajagi haqida ham öylaşim, qayğurişim kerak”, deb yozgan Mirziyoyev.
Prezident xorijiy safarlaridan maqsad ham xalq farovonligini oşiriş, yoşlarning sifatli ta’lim olişi uçun yangi hamkorlar topiş ekanini qayd etgan.
Maktub söngida nabirasini Vatanga sadoqatli, bilimli, halol va mehnatsevar inson bölib ulğayişga çaqirgan. Davlat rahbari nasihatlari nafaqat nabirasiga, balki Özbekistonning barça bolalariga atalganini ta’kidlagan.
Şavkat Mirziyoyev 23–24-noyabr kunlari Iordaniya podşohi Abdulla II ibn al-Husayn taklifiga binoan uşbu mamlakatda davlat taşrifi bilan böladi.