
- 4
- 06.11.2026 14:42:00
- 2 daq o'qish
Samarqandda Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus formatidagi birinchi ekspertlar muloqoti bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, raqamli makondagi tahdidlar hamda sun’iy intellektdan terrorchilik maqsadlarida foydalanishning oldini olish masalalari muhokama qilinmoqda.
6-noyabr kuni Samarqand shahrida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus formatidagi birinchi ekspertlar muloqoti boshlandi.
Tadbirni O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisi, general-polkovnik Bahodir Kurbanov ochib berdi.
DXX rahbari o‘z nutqida terrorchilik va ekstremistik tashkilotlar o‘z mafkurasini targ‘ib qilish, yangi tarafdorlarni yollash, terrorchilik harakatlarini moliyalashtirish va amalga oshirishda raqamli texnologiyalardan tobora faol foydalanayotganini ta’kidladi.
“Birgina 2026-yilda ekstremistik va terrorchilik xususiyatiga ega 49 mingdan ziyod internet-resurs aniqlangan bo‘lib, bu 2025-yilgi ko‘rsatkichga (43 mingga yaqin) nisbatan 14 foiz ko‘pdir. Bunday tendensiya radikal g‘oyalarni targ‘ib qilishda global tarmoqdan foydalanish ko‘lami ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi”, — dedi Bahodir Kurbanov.
Shuningdek, DXX raisi 2021–2026-yillarga mo‘ljallangan Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya doirasida idoralararo va xalqaro hamkorlik mexanizmlari takomillashtirilganini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, bu boradagi sa’y-harakatlar xalqaro reytinglarda ham aks etmoqda. Xususan, 2026-yilgi Global terrorizm indeksida O‘zbekiston 96-o‘rinni egallab, terrorizm xavfi minimal bo‘lgan davlatlar qatoridan joy olgan.
Nutq davomida raqamli transformatsiya sharoitida xavfsizlikni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlariga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, internet makonida terrorchilik faoliyatining yangi shakl va usullarini aniqlash, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan terrorchilik maqsadlarida foydalanishning oldini olish muhim vazifalar sifatida belgilandi.
Bahodir Kurbanov SHHT plyus formatidagi ekspertlar muloqoti zamonaviy xavfsizlik tahdidlariga qarshi birgalikda kurashishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan dolzarb muammolarni muhokama qilib, hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqishi kutilmoqda.