
- 1
- 15.12.2025 17:12:00
- 1 daq o'qish
Turkiyaning Kastamonu viloyatida yashovchi mohir usta Osman Demircio‘g‘li noodatiy ixtirosi bilan keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. U chiqindi va qayta ishlanishi mumkin bo‘lgan materiallardan “Ataman 666” nomli, inson tashiy oladigan robot yasadi. Ushbu loyiha ustaning to‘rt yillik mehnati va atigi 15–20 ming turk lirasi mablag‘i evaziga amalga oshirilgan.
Robotning eng e’tiborga molik jihati — uning deyarli barcha qismlari eskirgan temir buyumlar, metall qoldiqlar, eski texnika detallari va chiqindilardan yig‘ilganidir. Shunga qaramay, “Ataman 666” nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki harakatchanligi bilan ham odamlarni hayratda qoldirmoqda. Robot ichiga odam kirib, uni boshqarishi mumkin, bu esa uni ko‘cha tadbirlarida va ko‘rgazmalarda alohida e’tiborga sazovor qilmoqda.
Usta Osman Demircio‘g‘li o‘z ixtirosi orqali yoshlarga muhim murojaat bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy texnologiyalar faqat virtual dunyo bilan cheklanib qolmasligi kerak.
“Virtual olamdan chiqib, haqiqiy hayot bilan shug‘ullanaylik,” — deydi ixtirochi.
Uning fikricha, ijodkorlik, qo‘l mehnati va texnik tafakkur yoshlarning kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. “Ataman 666” esa chiqindilar ham to‘g‘ri yondashuv bilan foydali va hayratlanarli narsaga aylanishi mumkinligini isbotlaydi.