O‘zbekistonda Suv kodeksi qabul qilindi

O‘zbekistonda Suv kodeksi qabul qilindi
  • 9
  • 20.11.2025 09:51:00
  • 1 мин оқу

17-noyabr kuni Toshkentda o‘tgan suv hamkorligi bo‘yicha xalqaro konferensiya ushbu tashabbuslarni amaliy qo‘llab-quvvatlash maydoniga aylandi. Unda xalqaro moliya institutlari va ekspertlar suvni tejamli boshqarish, transchegaraviy hamkorlik, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbirning asosiy voqeasi – O‘zbekistonning yangi Suv kodeksi taqdimoti bo‘ldi. Bu kodeks suvdan foydalanish huquqlari, tartibga solish mexanizmlari, ekotizimlarni muhofaza qilish va yer usti hamda yer osti suvlarini uyg‘un boshqarish kabi tamoyillarni o‘z ichiga oladi. Xorijlik ekspertlar kodeksni “tarixiy qadam” sifatida baholab, u kelgusi islohotlar uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratishini qayd etdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda 2 million gektardan ortiq maydonga suv tejaydigan texnologiyalar joriy etildi, suv sektori bo‘yicha konsepsiya va davlat dasturlari ishlab chiqildi. BMTTD vakili Akiko Fudjii yangi NDC 3.0 strategiyasida suv masalasi iqlim siyosatining asosiy ustuniga aylanganini bildirdi.
Konferensiya davomida Suv kodeksining investorlar uchun ishonch, aholiga adolatli ta’minot va davlatga shaffof boshqaruv yaratishi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Amudaryo va Sirdaryo bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish, Orolbo‘yi aholisini qo‘llab-quvvatlash, suvga oid ta’lim va ilmiy salohiyatni oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Toshkent irrigatsiya instituti negizida mintaqaviy kompetensiya markazi tashkil etish rejalari ham ilgari surildi.
Anjumanning O‘zbekistonda o‘tkazilgani mamlakatning mintaqadagi obro‘si, suv diplomatiyasiga ochiqligi va transchegaraviy muammolarni hamkorlikda hal etishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News