
- 24
- 06.03.2026 16:08:00
- 2 мин оқу
2025-yilda FLEX dasturi orqali AQSHga borgan o‘zbekistonlik o‘quvchi qiz mezbon oilada jinsiy zo‘ravonlikka uchradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qiz Indiana shtatidagi bir oilaga joylashtirilgan. Bir muddat o‘tib u otasiga mezbon oiladagi erkak nojo‘ya harakatlar qilgani va hatto jinsiy aloqani taklif qilganini aytgan.
Shundan so‘ng qiz dastur koordinatori tomonidan boshqa oilaga ko‘chirilib, vaqtincha izolyatsiya qilingan. Qizning otasi qizi qayerga ko‘chirilgani va kim bilan yashayotgani haqida dastlab ma’lumot berilmaganini bildirgan. U qizi bilan bog‘lanishga uringanda uning telefoni o‘chirilgan bo‘lgan, messenjerlarda yuborilgan xabarlar javobsiz qolgan. AQSHdagi mahalliy koordinator ham, vaqtincha qabul qiluvchi oila ham qizning otasi bilan aloqaga chiqmagan.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, koordinator qizdan “xavfsizlik chorasi” sifatida telefonini o‘chirib qo‘yishni so‘ragan. Qizga esa: “Biz sizning ota-onangizga hech qanday ma’lumot berishga majbur emasmiz”, deb aytilgan.
Shundan so‘ng, ota Michigan universitetida dars beradigan do‘stidan qizini borib ko‘rishni so‘ragan. Biroq dastur vakillari “tashrif uchun ruxsat yo‘q” degan sabab bilan bunga yo‘l qo‘ymagan. Faqat otaning qat’iy talablari ortidan uchrashuv tashkil etilgan. Erkak qizi jismonan sog‘lom ekanini, biroq ruhiy bosim ostida qolayotganini aytgan. Ota qizini darhol O‘zbekistonga qaytarishni talab qilgan va u vatanga qaytarilgan. Otaning aytishicha, unga kelgan xabarlarga ko‘ra, qizi bilan bog‘liq voqea yagona holat emas.
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi holatdan xabardor ekanini, qizning otasi bilan aloqada ekanini va vaziyatga jiddiy yondashilinayotganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, FLEX (Future Leaders Exchange) — AQSH hukumati moliyalashtiradigan dastur bo‘lib, 9–11-sinf o‘quvchilariga AQSHda bir yil bepul o‘qish va mezbon oilada yashash imkonini beradi.
Manba: Kun.uz