
- 9
- 13.11.2025 16:19:00
- 1 мин оқу
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSHning Yuta shtatidan kelgan Devid Bednar boshchiligidagi biznes delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – AQSH munosabatlari yangi bosqichga kirgani ta’kidlanib, Shavkat Mirziyoyevning AQSH fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etish to‘g‘risidagi qarori ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik va gumanitar hamkorlikni kengaytirish yo‘lida muhim qadam ekani qayd etildi.
Eng e’tiborli yangiliklardan biri — O‘zbekiston rezidentlari endilikda AQSHda korxonalar tashkil eta oladi.
Saida Mirziyoyeva bu haqda shunday dedi:
“Prezident farmoniga ko‘ra, Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etiladi. Uni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tarkibida maslahatchi-elchi lavozimi joriy etilmoqda. Shuningdek, endilikda O‘zbekiston rezidentlari o‘z bank hisoblaridan mablag‘larni AQSHda korxonalar ochish, ularning kapitalida ishtirok etish yoki filiallarini moliyalashtirish uchun erkin o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi.”
Bu qaror tadbirkorlarning tashqi iqtisodiy faolligini oshirish, AQSH bilan investitsion hamkorlikni kuchaytirish va O‘zbekistonning ochiq, zamonaviy iqtisodiyot sifatidagi imijini mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 12-noyabrdagi farmoniga binoan, Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etiladi.
Kengashga O‘zbekiston tomonidan Saida Mirziyoyeva, AQSH tomonidan esa Prezident vakili hamraislik qiladi.
Ushbu tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyevning 4–6-noyabr kunlari AQSHga rasmiy tashrifi davomida “C5+1” sammitida kelishilgan edi.