
- 6
- 18.11.2025 08:59:00
- 1 мин оқу
AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) O‘zbekistonlik 31 yoshli Ahror Bozorovni terrorchilik faoliyati bilan bog‘liqlikda gumonlab hibsga oldi. *Fox News* xabariga ko‘ra, Bozorov 2022-yilda O‘zbekistonda internet orqali jihod targ‘iboti tarqatgani va odamlarga terrorchilikka qo‘shilishni targ‘ib qilgani uchun qidiruvga berilgan.
ICE xodimlari uni 9-noyabr kuni Kanzas shtatida yuk mashinasi haydovchisi sifatida ishlayotganida qo‘lga olgan. Bozorov 2023-yil fevralda AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan, chegara xizmati uni qo‘lga olgan, ammo keyin qo‘yib yuborgan. Shundan so‘ng u AQSHda ish ruxsatnomasi va tijoriy haydovchilik guvohnomasini olgan.
Avgust oyida AQSH davlat kotibi Marko Rubio xorijlik yuk mashinasi haydovchilariga ishchi vizalar berishni vaqtincha to‘xtatganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, chet ellik haydovchilar soni ko‘payishi xavfsizlikka tahdid solayotgani va amerikalik haydovchilarning daromadiga ta’sir qilayotgani bildirildi.
Ushbu qaror Florida shtatida Hindistondan bo‘lgan noqonuniy migrant boshqargan yuk mashinasi ishtirokidagi YTHdan so‘ng qabul qilingan. YTH oqibatida minivendagi uch kishi halok bo‘lgan. Haydovchi hibsga olingan va so‘roq paytida yo‘l belgilari hamda oddiy savollarga deyarli javob bera olmagan.