Shavkat Mirziyoyev investitsiya loyihalari bo‘yicha mas’ullarni ogohlantirdi

Shavkat Mirziyoyev investitsiya loyihalari bo‘yicha mas’ullarni ogohlantirdi
  • 2
  • 13.02.2026 16:51:00
  • 1 мин оқу

Prezident Shavkat Mirziyoyev vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarni investitsiya loyihalarini paysalga solmaslik haqida ogohlantirdi. 13-fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda joriy yilda Turkiya bilan 9 milliard, Pokiston bilan 1 milliard 428 million AQSH dollarilik investitsiya bitimlari imzolangani qayd etildi. O‘tgan yili esa xorijiy tashriflar doirasida 135 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan. Investitsiyalar ortishi hisobiga qurilish hajmini 400 trillion so‘mga yetkazish va sohada kamida 17 foiz o‘sishni ta’minlash topshirildi. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi uchun byudjetdan 40 trillion so‘m ajratilgani bildirildi. Hududlardagi “Yagona buyurtmachi xizmati” kompaniyalari qurilish sifati va samaradorligini nazorat qilishga ulgurmayotgani tanqid qilindi. Shu bois, Qoraqalpog‘iston, Samarqand va Farg‘onada buyurtmachi xizmatlariga xususiy sektorni tajriba tariqasida jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News