Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoda qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonada bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoda qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonada bo‘ldi
  • 1
  • 04.12.2025 14:32:00
  • 2 мин оқу

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Invest Asia” korxonasiga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilayotgan texnologik jarayonlarni ko‘zdan kechirdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, korxona qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish borasida Markaziy Osiyodagi yetakchi korxonalardan biridir. Hozirda ichki bozordagi polipropilen qop va yumshoq konteynerlarning 60 foizi, stretch plyonkalarning 40 foizi aynan ushbu korxona hissasiga to‘g‘ri keladi.

Investorlar mamlakatdagi tadbirkorlik va investitsiya muhitini yuqori baholab, biznes uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar hamda ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdilar.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, tashrif davomida davlat rahbari Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ham ishtirok etib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga doir ustuvor vazifalarni belgilab beradi.

Majmua 60 gektar maydonda qurilgan bo‘lib, hozirgi kunda 2,5 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Qadoqlash mahsulotlari oziq-ovqat, farmatsevtika, sanoat, qurilish va maishiy kimyo kabi ko‘plab sohalar uchun muhim ahamiyatga ega. Ularning sifati mahsulotning xavfsiz saqlanishi, tashilishi va bozorga o‘z vaqtida yetkazilishiga bevosita ta’sir qiladi. Shu bois bu mahsulotlarning o‘zimizda ishlab chiqarilishi import xarajatlarini kamaytiradi, ichki bozor barqarorligini ta'minlaydi hamda ishlab chiqaruvchilarning xarajatlarini sezilarli darajada qisqartiradi.

“Invest Asia”ning yana bir muhim jihati — mamlakatda bioaksal yo‘naltirilgan polipropilen plyonka ishlab chiqaradigan yagona korxona ekanidir. Mazkur plyonka eng ommabop qadoqlash materiallaridan biri bo‘lib, mustahkamligi va yengilligi bilan ajralib turadi. 2025-yilning o‘n oyida korxonada 1,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, 23 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Ishlab chiqarishda Avstriya, Germaniya, Italiya, Xitoy va AQSH kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskunalar qo‘llanilmoqda.

Shuningdek, yil yakuniga qadar bu yerda Markaziy Osiyodagi eng yirik spanbond va meltblaun noto‘qima mato ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ushbu matolar tibbiyot, qurilish, maishiy kimyo va qishloq xo‘jaligida keng qo‘llaniladi. Loyiha to‘liq quvvatga chiqqach, ish o‘rinlari soni 10 ming nafarga yetishi, polimerlarni qayta ishlash quvvati esa 280 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Prezident korxona ishchilari bilan muloqot qilib, ularning faoliyati va rejalar bilan tanishdi. Shuningdek, viloyatda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan, yangi tashabbus bilan chiqqan xorijiy investorlar bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Investorlar mamlakatdagi biznes va investitsiya muhitini yuqori baholab, yaratilayotgan imkoniyatlar uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdilar.
 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News