Saida Mirziyoyeva Toshkent havosi bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazdi

Saida Mirziyoyeva Toshkent havosi bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazdi
  • 7
  • 02.12.2025 20:03:00
  • 2 мин оқу

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchiligida poytaxt havosining sifatiga bag‘ishlangan maxsus komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
“Prezidentimiz bu masala bo‘yicha mendan har kuni hisobot so‘rayaptilar. Xalq salomatligi haqida gap ketganda hech kim befarq bo‘lishga haqli emas”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Yig‘ilishda Toshkent shahri va viloyati hokimlari Shavkat Umurzoqov va Zoir Mirzayev, Ekologiya qo‘mitasi rahbari Aziz Abduhakimov hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari hisobot berdi. Ma’lum qilinishicha, vaziyat doimiy nazoratda, havoning holati bo‘yicha 24 soatlik monitoring olib borilmoqda.
Yapon texnologiyalari yordamida o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatdiki, havodagi changning 40 foizi inson faoliyati bilan bog‘liq, 60 foizi esa tabiiy.
Shuningdek, atmosfera sifatini nazorat qilish bo‘yicha yirik ilmiy laboratoriya tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
23–29-noyabr kunlari o‘tkazilgan reydlarda:
🔹 73 ta issiqxona,
🔹 40 ta qurilish obyektining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi;
🔹 215 nafar fuqaro ekologiya qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortildi;
🔹 1 959 ta haydovchi yukni ochiq tashigani uchun jarimaga tortildi.
Shuningdek, ariqlar tozalandi, ko‘chalar namlantirildi, favvoralar ishga tushirildi va noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bo‘yicha o‘nlab holatlar fosh etildi. Mutasaddilarga ko‘ra, ko‘rilgan choralar natijasida havoning ifloslanish darajasi so‘nggi kunlarda biroz pasaygan.
Shundan kelib chiqib, Saida Mirziyoyeva Toshkent va viloyatda yashil hududlarni kengaytirish, drenaj tizimini tiklash, sanoat va issiqxonalardan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berdi. Har bir chora-tadbir aniq muddatga ega bo‘lishi va tizimli ravishda amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyat kelasi yilda takrorlanmasligi shart.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News