
- 1
- 04.12.2025 12:27:00
- 2 мин оқу
Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoat korxonalari faoliyati va mahallalardagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida 4-dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Safarning birinchi manzili Sirdaryo tumanidagi River Med Pharm korxonasi boʻldi. Mazkur korxona mamlakatda infuzion dori vositalarini ishlab chiqarish boʻyicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan infuzion eritmalarning 20 foizi aynan ushbu korxonaga toʻgʻri keladi.
Bunday dori vositalari bemor hayoti uchun eng muhim tibbiy mahsulotlardan biri sanaladi. Ularni tayyorlash oddiy tabletkalar ishlab chiqarishdan ancha murakkab. Chunki bu turdagi eritmalar toʻgʻridan-toʻgʻri qon tomirlariga yuboriladi. Demak, ular mutlaq steril sharoitda, yuqori aniqlik va xalqaro standartlarga toʻliq javob bergan holda ishlab chiqarilishi shart.
Loyihaning umumiy qiymati 30 million dollardan ortiq boʻlib, hozirgi kunda korxonada 750 nafar odam doimiy ish bilan taʼminlangan. Korxona yiliga 135 milliard soʻmlik qiymatda 70 turdagi, umumiy hisobda 114 million dona dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. Mahsulotlarning 20 foizi eksport qilinayotgani korxonaning xalqaro raqobatbardoshligini koʻrsatadi.
Noyabr oyida loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, ishlab chiqarish quvvatlari yanada kengaytirildi. Korxona 30 million dona infuzion eritmalar, 70 million donadan ortiq quruq antibiotiklar va qariyb 20 million dona koʻz-burun tomchilarini ishlab chiqaradi.
Davlat rahbariga korxona mahsulotlari va navbatdagi rejalari haqida ma’lumot berildi. Kelgusida korxonada ishlab chiqariladigan mahsulot turlari 200 xilga yetkaziladi. Bu bosqichda shisha va plastik idishlardagi inyeksiya uchun eritmalar, shuningdek, tabletka hamda kapsulalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ish o‘rinlarining soni mingtagacha oshiriladi.
Prezident shu yerda viloyat faollari va nuroniylar bilan muloqot qildi.
“O‘zgarishlar, avvalo, mahallalarda sezilishi kerak. Sizlar odamlar bilan doimiy muloqotda boʻlib, yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishingiz zarur. Hammamiz uyg‘oq va faol bo‘lsak, harakatlarimiz, olib borayotgan islohotlarimiz albatta natija beradi. Sirdaryoga katta rejalar bilan kelganmiz. Sizlarni eshitib, bamaslahat bu rejalarni amalga oshiramiz“, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, tashrif davomida davlat rahbari Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ham ishtirok etib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini belgilab beradi.