
- 2
- 02.12.2025 13:02:00
- 2 мин оқу
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni Jizzaxga tashrif buyurib, viloyatning yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash, amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish va Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi. Tashrif viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yo‘li bilan bog‘lovchi yangi yo‘l o‘tkazgichni ko‘zdan kechirishdan boshlandi. Qariyb 290 milliard so‘mga qurilgan 700 metrlik o‘tkazgich va 4 kilometrlik yangi yo‘l har kuni 14 mingdan ziyod transport vositasini o‘tkazishi mumkin. Mazkur inshoot tufayli ilgari 25 km bo‘lgan aylanma yo‘l qisqarib, tirbandliklar bartaraf etildi. Zamonaviy metall konstruksiyalardan qurilgan o‘tkazgichning xizmat muddati 100 yil deb baholanmoqda. Prezident Jizzaxda barpo etilayotgan atom elektr stansiyasi bo‘yicha ham axborot oldi. Hozirda ikkita katta va ikkita kam quvvatli reaktordan iborat AES uchun kotlovan qazish ishlari boshlangan. Qurilish maydonida vaqtinchalik turar-joylar, betonlash va montaj bazasi tashkil etilgan. AES xodimlari uchun 10 ming kishi yashaydigan zamonaviy monoshaharcha qurilishi rejalashtirilgan. Davlat rahbari viloyat markazini yangilash bo‘yicha master-reja, renovatsiya dasturi, IT-markaz, hunarmandchilik markazi va bir qator infratuzilma loyihalari bilan ham tanishdi. Shavkat Mirziyoyev Jizzax politexnika instituti qoshidagi Avtomobilsozlik muhandislik maktabida ham bo‘lib, BYD Uzbekistan Factory va ADM Jizzakh bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan dual ta’lim jarayonini ko‘zdan kechirdi. Talabalar BYD standartlari asosida amaliy mashg‘ulotlardan o‘tadi, mini-konveyerda ishlab ko‘radi va maxsus sertifikatga ega bo‘ladi. Qisqa kurslar, yoshlar va mutaxassislar uchun malaka oshirish dasturlari, sanoatga oid amaliy laboratoriyalar ham tashkil etilgan. Prezident mashg‘ulot jarayonini kuzatib, talabalar bilan suhbatlashdi. Tashrif davomida qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ishlar ham muhokama qilinib, mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.