Navalniy qurbaqaning zahri bilan o‘ldirilgani aytilmoqda

Navalniy qurbaqaning zahri bilan o‘ldirilgani aytilmoqda
  • 2
  • 16.02.2026 16:20:00
  • 1 мин оқу

The Insider xabariga ko‘ra, rossiyalik marhum muxolifatchi Aleksey Navalniyga oid xorijga olib chiqilgan biomateriallarda epibatidin moddasi aniqlangan. Nashr ma’lum qilishicha, bir nechta laboratoriya ekspertlari mustaqil ravishda shunday xulosaga kelgan.
Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya laboratoriyalari vakillari Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida qo‘shma bayonot berishni rejalashtirmoqda. Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya ilgari biologik namunalar G‘arb laboratoriyalarida tekshirilganini bildirgan. Laboratoriyalar tadqiqotni bir-biridan mustaqil ravishda o‘tkazib, Aleksey Navalniy zaharlanganini tasdiqlagan. Navalniy 2024-yil 16-fevralda koloniyada vafot etgan.

Epibatidin 1974-yilda kashf etilgan bo‘lib, u Janubiy Amerikada yashovchi daraxtga chiquvchi qurbaqa (Epipedobates tricolor) terisidan ajratib olingan va keyinchalik sun’iy ravishda sintez qilingan. U kuchli neyrotoksin bo‘lib, falajlik va nafas yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News