
- 1
- 01.12.2025 07:32:00
- 1 мин оқу
Toshkentda havoni ifloslantirayotgan obyektlarga qarshi keng ko‘lamli reydlar o‘tkazildi. 24–28 noyabr kunlari poytaxt va uning atrofida faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq issiqxona va qurilish obyektlari vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ikrom Tagayev ma’lum qildi.
Reydlar davomida:
* 1449 ta issiqxona tekshirildi, ulardan 67 tasi faoliyati to‘xtatildi.
* 403 nafar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
* 53 ta noqonuniy qurilish aniqlanib, shundan 34 tasi qurilishi vaqtincha to‘xtatildi.
* 188 nafar qurilish egasi javobgarlikka tortildi.
* Qurilish changini kamaytirish uchun 51 ta obyektga suv purkagich o‘rnatildi.
Shuningdek, poytaxt bo‘ylab harakatlanayotgan avtomobillar ham tekshirildi. Yukini yopmasdan harakatlangan 837 ta haydovchi va atmosferani me’yoridan ortiq ifloslantirgan 206 nafar haydovchi jarimaga tortildi.
Shahar mikroiqlimini yaxshilash bo‘yicha: 77 ta ko‘cha va 165 ta jamoat joyiga suv sepildi, 322 km uzunlikdagi ariqlar tozalandi, 126 ta favvora ishga tushirildi. Qo‘shimcha ravishda, Toshkent viloyati daryolarida noqonuniy qum-shag‘al qazish bo‘yicha 54 ta holat aniqlandi. Komissiya Qozog‘iston bilan chegaradosh hududdagi 7712 ta issiqxona faoliyati bo‘yicha ham o‘rganish olib bordi va qo‘shni davlatga ekologiyani yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rish taklifi bilan murojaat qilmoqda. Ko‘rilgan choralar natijasida poytaxt havosidagi PM2.5 zarrachalari miqdori bir necha kun ichida 171 dan 97 mikrogramm/m³ gacha pasaygani qayd etildi.