
- 1
- 12.12.2025 15:04:00
- 1 мин оқу
Finlandiyada futbol jamoasi “Xaka” Premyer ligadan tushib ketganidan so‘ng fojeali voqea yuz berdi. Jamoaning uch nafar 15 yoshli yosh muxlisi g‘azab va hafsalasi pir bo‘lganidan, 1934-yilda qurilgan tarixiy “Tehtaan Kenttä” stadionining bir tribunasiga o‘t qo‘ydi. Yong‘in qisqa vaqt ichida keng tarqalib, tribunaning to‘liq yonib ketishiga sabab bo‘ldi. Maydonning ayrim qismlari ham zarar ko‘rgan.
Hodisa jamoa va mahalliy futbol hamjamiyatida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. “Xaka” klubi ushbu stadionni o‘z uy maydoni sifatida 90 yildan beri foydalanib kelayotgan edi. Yong‘indan so‘ng klub yangi mavsum oldidan maydonni tiklash uchun shoshilinch tarzda mablag‘ yig‘ishni boshladi. Restavratsiya xarajatlari ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, voqeada aybdor bo‘lgan uch nafar o‘smir aniqlangan, biroq ular voyaga yetmagan bo‘lgani sababli ularga jinoiy jazo qo‘llanmaydi. Ularning oilalari moddiy zarar bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Ushbu voqea sportdagi hissiyotlar boshqarilmasa, noxush oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi. “Xaka” klubi esa yong‘indan keyingi tiklanish ishlarini imkon qadar tez boshlashga umid qilmoqda.